Sudda tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

Fuqarolarni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida viloyat ma’muriy sudi va urganch tumanlararo ma’muriy sudlarida tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirokchilar sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Sudning arxivi va devonxonasi faoliyati bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

Keyin esa sudyalar va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ma’ruzachilar ma’muriy sudda ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari, ishlarni ko‘rishning protsessual tartiblari hamda jori yilning o‘tgan 6 oyida viloyat ma’muriy sudida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida gapirishdi.

Muloqotlarda sudyalar tomonidan sud tizimidagi islohotlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va unga muvofiq joriy etilayotgan yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.

Yangibozorda fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi

Xorazm viloyatida fuqarolar bilan “mahallabay” muloqot qilib, ularning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Yangibozor tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda viloyat sudi raisi Sh.Kamolov va viloyat ma’muriy sudi raisi J.Sultanovalar aholining sudga doir murojaatlarini eshitib, tegishli huquqiy tushuntirishlar berishdi.

Fuqarolarning murojaati asosan, apellyatsiya shikoyatini berish va mulkiy nizolar kabi masalalarda bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ularga sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda birinchi instansiya sudi qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi tushuntirildi.

Jarayonlarda hech bir fuqaroning masalasi e’tibordan chetda qolmadi. Qabullardan maqsad ham tumanlarda istiqomat qiluvchi aholini ovora qilmasdan, yashash hududlariga borib muloqotlar o‘tkazish va murojaatlarini hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalish berishdir.

Sudda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

Fuqarolarni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Unda tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolar, jamoatchilik faollari, viloyat yuridik texnikumida ta’lim olayotgan yoshlar hamda ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ishtirokchilar tumanlararo sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Sudning arxivi va devonxonasi faoliyati bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

Keyin esa sudyalar va qatnashchilar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ma’ruzachilar sudda ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari, fuqarolik ishlarni ko‘rishning protsessual tartiblari hamda tumanlararo sudida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida gapirishdi.

Muloqotlarda sudyalar tomonidan sud tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning roli masalalariga ham alohida to‘xtalindi. Jumladan, sudyalar tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va unga muvofiq joriy etilayotgan tergov sudyasi lavozimi kabi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi va sud majlislarida hamda viloyat sudi rahbariyatining qabulida masofadan turib qatnashish imkoniyatlari ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.

Ayniqsa, bu kabi tadbirlar bo‘lajak huquqshunoslar uchun nazariy bilimlarini amaliyot orqali yanada mustahkamlash, soha mutaxassislari bilan yaqinda fikr almashish imkoniyatini yaratgani bilan foydali bo‘ldi deyish mumkin.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi islohotlar sari dadil qo‘yilgan qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta’sirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, strategiyani ishlab chiqishda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asos vazifasini bajardi. Aynan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat organlari faoliyatining asosiy mezoni bu – inson huquqlari, inson erkinliklari ekani ko‘rsatilgan. 

E’tiborli jihati, endilikda davlat boshqaruvi raqamli hukumat tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda. Bevosita bu sistema quyidan boshlab yuqoriga qarab amalga oshiriladi. Quyi deganim, mahallalarda elektron davlat nuqtalarini shakllantirib borish nazarda tutilmoqda. Chunki mahalla fuqarolar uchun eng yaqin nuqta va bu yerda o‘sha aytilayotgan xizmatlar amalga oshiriladi. Bilamizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hokimlar Xalq deputatlari Kengashiga raislik qilmasligi haqida alohida norma belgilandi va mana shu normaning amaldagi ijrosini ta’minlash uchun ham mazkur strategiyada aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi yana bir asosiy mavzulardan biri bu sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bog‘liq. Sud-huquq sohasi islohotlarini bevosita 3 ta yo‘nalishga bo‘lish mumkin.

Birinchisi, sud-huquq sistemasini raqamlashtirish yo‘nalishi. Bu yerda birinchi navbatda fuqarolar sudlarga murojaat qilgan paytda har bir bosqichning raqamlashtirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va fuqarolar sud bilan tezkor bog‘lanishini ta’minlash uchun ham bu yo‘nalish muhim hisoblanadi. Masalan, fuqaroga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan paytda sudlardagi jarayonni kuzatishga va mavjud vaziyat bilan tanishishga ehtiyoj bor edi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, sud jarayonini to‘liq elektronlashtirish va vaziyatni doimiy kuzatib turish tizimi shakllanadi.

Ikkinchi yo‘nalish sifatida korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni 2030 yilga qadar butun qonunchilik korrupsiyadan holi bo‘ladi. Bu ham davlat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Deylik, davlat xaridlari bilan bog‘liq sohalarda yoki manfaatlar to‘qnashuvi munosabatlarida korrupsion holatlarning oldini olish va bu sohani ham raqamlashtirish asosiy maqsad sifatida qaralmoqda.

Uchinchi yo‘nalish sifatida Konstitutsiyada belgilangan aktlar, “Miranda qoidasi” kabi normalarni amaldagi qonunchilikka singdirishni ham strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri sifatida qarashimiz mumkin. Umuman olganda, bu yo‘nalishlardan asosiy maqsad, sudlarni, umuman, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikni shakllantirish hisoblanadi.

– Aslida bu jarayonni tabiiy qabul qilish kerak. Sababi har qanday rivojlangan mamlakatlarda ham bu normal holat sifatida qaraladi. Dunyo siyosiy tajribalaridan qarasak, ko‘pgina davlatlarda qonun hujjatlarini bilmaslik, huquqiy ong rivojlanmaganlik holatlari uchrab turadi. Prezidentimiz ham ko‘pgina chiqishlarida ko‘proq bu yuk davlat organlarida bo‘lishi kerak deb ta’kidlab keladi. Sababi davlat organlari ochiq va shaffof bo‘lsa ijtimoiy noroziliklar kamayadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham inson huquqlari asosiy o‘rinda ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.

Masalan, “Snos” muammosi fuqarolarimizni ancha ovoragarchiliklarga sababchi qilgan edi. E’tiborli jihati, mana shu narsa Konstitutsiya darajasigacha olib chiqildi. Endilikda uy-joyi sud qarorisiz olib qo‘yilmasligini fuqarolarimiz tushunib yetmoqda.

Huquqiy ongni rivojlantirishda birinchi navbatda davlat organlaridan faollik talab etiladi, va, o‘z navbatida, fuqarolar ham ma’lum masalada huquqiy munosabatga kirishganda ichki hissiyotga berilmasligi kerak deb o‘ylayman. Chunki huquqiy munosabatlarda hissiyotlarga o‘rin yo‘q. Bu jarayonda ularning qonunchilik doirasida munosabatga kirishgani maqsadga muvofiq. Mavjud qonunchiliklardan xabari bor odam, albatta,  o‘z huquqining ta’minlanishiga erishadi.

X.Rahimov Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida

Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum.

Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.

Shu boisdan ham davlat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoev o‘z vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘ldi(2017 yil 3 yanvar, O‘RQ-419-son).

Ushbu qonun me’yorlarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida har yili bir qator farmon va qarorlar qabul qilinib kelmoqda.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda qilingan ishlar tahlili aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganini ko‘rsatib turibdi.

Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.

Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadidaO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 noyabrdagi PF-200-sonli “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi va ushbu dasturda amalga oshiriladigan chora tadbirlar, ularning amalga oshirish mexanizmi va mas’ul ijrochilar belgilab berildi.

Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.

Farmonning tub mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak,muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash belgilab qo‘yilganini ko‘rishimiz mumkin.

Birinchidan, farmonda 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati to‘ldirildi.

Ikkinchidan, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno), o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, «Temurbeklar maktablari» harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari, oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari, umumjismoniy tayyorgarlikni baholash, chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etildi.

Bundan tashqari, farmonda har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilishi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib borish belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolatlilik g‘oyasi, barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjat hisoblanadi. Adolat ustuvor bo‘lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta’minlanadi.

M.Bobonazarov Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi

“Giyohvandlik vositasi – kelajak kushandasi”

2024 yil 9 iyun kuni Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan fuqaro N.Kurbonov (ismi shariflar o‘zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, qonuniy yechim qabul qilindi.

Bugun mamlakatimiz tarraqiyoti yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etmoqda. Lekin kelajagimizga tahdid soluvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir.

Jamiyatimiz giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muamola qilish jinoyati bilan ko‘rashayotgan bir paytda, oramizda bu kabi qilmishlarni sodir etayotgan shaxslarning xamon uchrayotganligi achinarli holat.

Biroq har kanday jinoiy qilmishga javobgarlik belgilangan.

2024 yil 05mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tomonidan N.Kurbonovga (ismi-shariflar uzgartirilgan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, hukm o‘qildi.

N.Kurbonov2023 yil 6 sentabr kuni soat 12-50 larda Urganch shahridagi “Bowling” binosi oldida tezkor tadbirga jalb qilingan J.Bga
2 dona qog‘oz parchasiga o‘ralgan sof og‘irligi 0,12 gramm bo‘lgan ko‘p miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 600.000 so‘mga sotib o‘tkazgan.

Sud tomonidan N.Kurbonovga O‘zbekiston Respublikasi JKning
273-moddasi 5-qismi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud hukmiga sudlanuvchi va uning himoyachisi tomonidan keltirilgan shikoyatiga asosan, ish Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan 2024 yil 9 iyun kuni ko‘rilib, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Z.Yakubov  Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Sud tizimida yangi institut: Tergov sudyasi

Bugungi kunda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarida avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash kabi ustuvor vazifalar yotadi.

Hoirda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar, jinoyat ishlari, mansabdor shaxslarning chiqarilgan qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar hamda sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. 

Bu o‘z o‘rnida, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida yakka tartibda faoliyat yuritayotgan bir nafar sudyaning o‘ziga juda ko‘p ishlarni ko‘rib chiqish vazifasini yuklamoqda va bu fuqarolar tomonidan o‘rinli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 10 iyun kuni qabul qilgan «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatini yanada kuchaytiradi. Ushbu farmonga muvofiq Sudyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvariga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va mas’uliyatli kadrlar bilan to‘ldirishini ta’minlash yuklatildi. 

2025 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari, ya’ni, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi va boshqa iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda. Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi.

Sudyalar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rish davomida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchilarning barcha vajlari tekshirilishi va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni to‘liq ko‘rib chiqilishi uchun zamin yaratadi. 

Farmonga muvofiq, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Bunda tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi, tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshirilishi hamda qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinch-totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Qabul qilingan mazkur farmonga asosan yangi kiritilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlagan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirilishiga hamda sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishlarida keng imkoniyatlar yaratadi. 

Oybek Mahmudov, Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartibi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud
ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining
buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini
himoya qilish uchun ma’muriy sudga murojaat qilishga haqli. Xo‘sh, ma’muriy sudlarga
murojaat qilish tartibi qanday?Ma’muriy sudga ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy
munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqli hisoblanadi.Eslatib o‘tamiz, ma’muriy organlar deganda, Prezidentimizning
2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan respublika davlat boshqaruvi
organlari (vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) va ularning hududiy
organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari, shuningdek, ma’muriy-boshqaruv vakolati berilgan boshqa organlar, tashkilotlar
va maxsus tashkil etilgan komissiyalar tushuniladi. Jumladan, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish
organlari, Majburiy ijro byurosi, notariuslar, mahalliy davlat hokimiyati organlari
tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlar, ular mansabdor shaxslarining harakatlari
(yoki harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilinishi mumkin. Ma’muriy hujjat ma’muriy vakolatga ega organ (mansabdor
shaxs) tomonidan qabul qilinishi, tashqi sub’ektlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga)
qaratilgan bo‘lishi, muayyan huquqiy oqibat keltirib chiqarishi bilan umummajburiy
xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlardan farq qiladi. Ikkala toifadagi hujjatning asosiy farqi shundaki,
umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ustidan ma’muriy
sudga shikoyat qilish mumkin emas, bundan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mustasno.
Umumiy qoida bo‘yicha ma’muriy organning qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan
shikoyat manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari
buzilganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran olti oy ichida sudga berilishi mumkin. Arizachiga o‘zining huquqlari, erkinliklari hamda
qonuniy manfaatlari buzilganligi yoki huquq va erkinliklarini amalga oshirishga
to‘siqlar vujudga keltirilganligi, arizachining zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi
ma’lum bo‘lgan kunning ertasidan sudga murojaat qilish muddati boshlanadi. Shikoyat
ma’muriy hujjatni haqiqiy emas, harakat (harakatsizlik)ni qonunga xilof, deb topish
to‘g‘risida bo‘lib, ma’muriy organ joylashgan yoxud mansabdor shaxs ishlaydigan
joydagi tumanlararo ma’muriy sudga beriladi. 

Ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda jismoniy shaxslardan davlat boji undirilmaydi. Davlat boji ishning natijasi bo‘yicha qanoatlantirilgan talabga mutanosib ravishda taraflardan undiriladi.Arizani qanoatlantirish rad etilgan hollarda, jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Дилмурод Юсупов Хоразм вилоят маъмурий судининг судьяси

Skip to content