TILGA E’TIBOR – ELGA E’TIBOR

Til bu-millatlarni bir-biridan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biridir. Har bir inson o‘z ona tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi. 1989 yilning 21 oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga — Davlat tili maqomi berildi. Shuningdek, 2020 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonunga asosan, 21 oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilangan. Ushbu sana munosabati bilan viloyat ma’muriy sudida sudya va xodimlar hamda Urganch davlat universitetining dotsenti Sarvarbek Ro‘zimboev ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda o‘zbek tilining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, davlat tili maqomi berilishidagi murakkabliklar va bugungi kunda til siyosatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida fikr bildirildi. Ma’lumki, har qanday xalqning tarixi, o‘ziga xos tabiati, qadriyatlari, avvalo, o‘sha xalqning ona tilida aks etadi. Bejiz tilni millatning ma’naviy immuniteti deb baholamaganlar. Boisi, o‘z tilini asrab-avaylagan, uni zamonlar osha rivojlantira olgan millatgina o‘zligini, milliy qiyofasini saqlab qoladi.

Yangibozorda fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi

Xorazm viloyatida fuqarolarning murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Yangibozor tumanida navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda viloyat sudi raisi  Sh.Kamolov va viloyat ma’muriy sudi raisi J. Sultanovalar ishtirok etishib, aholining sudga doir murojaatlarini eshitishdi. Shu yerning o‘zida murojaatchilarga masalalarining yechimi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Fuqarolarning murojaati asosan, apellyatsiya shikoyatini berish, oilaviy va mulkiy nizolar kabi masalalarda bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ularga sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda birinchi instansiya sudi qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi tushuntirildi. Sayyor qabullar aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Asosiysi, har bir fuqaro o‘z murojaati qaysi organga tegishli ekanligi va uni qanday tartibda hal qilish kerakligini bilib olishdi.

Skip to content