Қидирув:

Tumanlarda aholining sudga doir murojaatlari o’rganilmoqda

Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar tashkil etilayotgani fuqarolarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalarning ijobiy yechim topishiga sabab bo‘lmoqda.

Xorazm viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi rahbariyati tomonidan fuqarolarning sudga doir murojaatlarini “mahallabay” o‘rganish maqsadida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarning navbatdagisi Xonqa tumanidagi «Ezgulik» mahallasi hamda Xiva tumanida o‘tkazildi.

Sud-huquq tizimiga doir murojaatlari mavjud bo‘lgan fuqarolar viloyat sudlari raislari va sudyalar tomonidan qabul qilinib, ularga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Xonqa tumanidagi qabul jarayonida murojaatlarning asosiy qismi oilaviy nizolarni sud tartibida hal etish masalasida bo‘ldi. Xususan, nikohdan ajrashmoqchi bo‘lgan yosh oilalarga tuman hokmilgi mas’ul xodimi bilan birgalikda oilani saqlab qolish va yoshlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amaliy yordam berildi.

Xiva tumanidagi qabullarda esa 3 ta ariza ijobiy hal etilib, mahkumlar jazoning o‘talmagan qismidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Shuningdek, sudda ko‘rilish lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha fuqarolarga sudga da’vo ariza kiritish tartibi tushuntirildi.

Jarayonlarda hech kimning masalasi e’tibordan chetda qolmadi. Qabullardan maqsad ham tumanlarda istiqomat qiluvchi aholini ovora qilmasdan, yashash hududlariga borib muloqotlar o‘tkazish va murojaatlarini hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalish berishdir.

Bo’lajak yuristlar bilan ochiq muloqot

 Sud tizimida malakali kadrlar zaxirasini yaratish bugungi kunning ustuvor vazifasidir. Xususan, sudyalik lavozimi uchun belgilangan 35 yoshlik mezonni inobatga olsak, kadrlarni talabalik davridanoq tizimga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, Xorazm viloyat sudlari Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni yosh kadrlar sifatida tayyorlab bormoqda.

 

Ma’lumki, sud xodimi uchun bilim va ko‘nikmadan tashqari, yuksak muomala madaniyati, halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat eng asosiy fazilatlar hisoblanadi. Bu ko‘nikma va talablar esa 2024 yilda tashkil etilib, talabalarni kasbga tayyorlashning samarali mexanizmiga aylanayotgan «Bo‘lajak sud xodimlari» klubida o‘rgatilmoqda.

Universitetda tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvda viloyat sudining kadrlar bo‘limi bosh konsultanti S.Salaev va malaka hay’ati kotibi R.Umarov hamda viloyat ma’muriy sudining devonxona mudiri B.Soloev va sudya katta yordamchisi O.Madraximovlar tomonidan talabalarga “Bo‘lajak sud xodimlari” klubining bugungi faoliyati va unga a’zo bo‘lish tartibi, sud tizimiga ishga kirishda xodimlarga qo‘yiladigan talablar to‘liq tushuntirildi.

Shuningdek, muloqotlarda  jamiyatda dolzarb hisoblangan yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham to‘xtalindi. Talabalar giyohvandlik, diniy ekstrimizm va korrupsiyaga oid jinoyatlar domiga tushib qolmasliglari tushuntirildi.

Skip to content