Jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartibi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud
ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining
buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini
himoya qilish uchun ma’muriy sudga murojaat qilishga haqli. Xo‘sh, ma’muriy sudlarga
murojaat qilish tartibi qanday?Ma’muriy sudga ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy
munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqli hisoblanadi.Eslatib o‘tamiz, ma’muriy organlar deganda, Prezidentimizning
2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan respublika davlat boshqaruvi
organlari (vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar) va ularning hududiy
organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari, shuningdek, ma’muriy-boshqaruv vakolati berilgan boshqa organlar, tashkilotlar
va maxsus tashkil etilgan komissiyalar tushuniladi. Jumladan, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish
organlari, Majburiy ijro byurosi, notariuslar, mahalliy davlat hokimiyati organlari
tomonidan qabul qilinadigan ma’muriy hujjatlar, ular mansabdor shaxslarining harakatlari
(yoki harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilinishi mumkin. Ma’muriy hujjat ma’muriy vakolatga ega organ (mansabdor
shaxs) tomonidan qabul qilinishi, tashqi sub’ektlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga)
qaratilgan bo‘lishi, muayyan huquqiy oqibat keltirib chiqarishi bilan umummajburiy
xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlardan farq qiladi. Ikkala toifadagi hujjatning asosiy farqi shundaki,
umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ustidan ma’muriy
sudga shikoyat qilish mumkin emas, bundan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mustasno.
Umumiy qoida bo‘yicha ma’muriy organning qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan
shikoyat manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari
buzilganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran olti oy ichida sudga berilishi mumkin. Arizachiga o‘zining huquqlari, erkinliklari hamda
qonuniy manfaatlari buzilganligi yoki huquq va erkinliklarini amalga oshirishga
to‘siqlar vujudga keltirilganligi, arizachining zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi
ma’lum bo‘lgan kunning ertasidan sudga murojaat qilish muddati boshlanadi. Shikoyat
ma’muriy hujjatni haqiqiy emas, harakat (harakatsizlik)ni qonunga xilof, deb topish
to‘g‘risida bo‘lib, ma’muriy organ joylashgan yoxud mansabdor shaxs ishlaydigan
joydagi tumanlararo ma’muriy sudga beriladi.
Дилмурод Юсупов Хоразм вилоят маъмурий судининг судьяси