Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida
Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum.
Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.
Shu boisdan ham davlat rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoev o‘z vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘ldi(2017 yil 3 yanvar, O‘RQ-419-son).
Ushbu qonun me’yorlarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida har yili bir qator farmon va qarorlar qabul qilinib kelmoqda.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda qilingan ishlar tahlili aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganini ko‘rsatib turibdi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadidaO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 noyabrdagi PF-200-sonli “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi va ushbu dasturda amalga oshiriladigan chora tadbirlar, ularning amalga oshirish mexanizmi va mas’ul ijrochilar belgilab berildi.
Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Farmonning tub mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak,muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash belgilab qo‘yilganini ko‘rishimiz mumkin.
Birinchidan, farmonda 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati to‘ldirildi.
Ikkinchidan, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno), o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, «Temurbeklar maktablari» harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari, oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari, umumjismoniy tayyorgarlikni baholash, chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etildi.
Bundan tashqari, farmonda har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilishi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib borish belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolatlilik g‘oyasi, barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjat hisoblanadi. Adolat ustuvor bo‘lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta’minlanadi.
M.Bobonazarov Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi