“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi islohotlar sari dadil qo‘yilgan qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta’sirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, strategiyani ishlab chiqishda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asos vazifasini bajardi. Aynan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat organlari faoliyatining asosiy mezoni bu – inson huquqlari, inson erkinliklari ekani ko‘rsatilgan. 

E’tiborli jihati, endilikda davlat boshqaruvi raqamli hukumat tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda. Bevosita bu sistema quyidan boshlab yuqoriga qarab amalga oshiriladi. Quyi deganim, mahallalarda elektron davlat nuqtalarini shakllantirib borish nazarda tutilmoqda. Chunki mahalla fuqarolar uchun eng yaqin nuqta va bu yerda o‘sha aytilayotgan xizmatlar amalga oshiriladi. Bilamizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hokimlar Xalq deputatlari Kengashiga raislik qilmasligi haqida alohida norma belgilandi va mana shu normaning amaldagi ijrosini ta’minlash uchun ham mazkur strategiyada aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi yana bir asosiy mavzulardan biri bu sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bog‘liq. Sud-huquq sohasi islohotlarini bevosita 3 ta yo‘nalishga bo‘lish mumkin.

Birinchisi, sud-huquq sistemasini raqamlashtirish yo‘nalishi. Bu yerda birinchi navbatda fuqarolar sudlarga murojaat qilgan paytda har bir bosqichning raqamlashtirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va fuqarolar sud bilan tezkor bog‘lanishini ta’minlash uchun ham bu yo‘nalish muhim hisoblanadi. Masalan, fuqaroga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan paytda sudlardagi jarayonni kuzatishga va mavjud vaziyat bilan tanishishga ehtiyoj bor edi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, sud jarayonini to‘liq elektronlashtirish va vaziyatni doimiy kuzatib turish tizimi shakllanadi.

Ikkinchi yo‘nalish sifatida korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni 2030 yilga qadar butun qonunchilik korrupsiyadan holi bo‘ladi. Bu ham davlat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Deylik, davlat xaridlari bilan bog‘liq sohalarda yoki manfaatlar to‘qnashuvi munosabatlarida korrupsion holatlarning oldini olish va bu sohani ham raqamlashtirish asosiy maqsad sifatida qaralmoqda.

Uchinchi yo‘nalish sifatida Konstitutsiyada belgilangan aktlar, “Miranda qoidasi” kabi normalarni amaldagi qonunchilikka singdirishni ham strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri sifatida qarashimiz mumkin. Umuman olganda, bu yo‘nalishlardan asosiy maqsad, sudlarni, umuman, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikni shakllantirish hisoblanadi.

– Aslida bu jarayonni tabiiy qabul qilish kerak. Sababi har qanday rivojlangan mamlakatlarda ham bu normal holat sifatida qaraladi. Dunyo siyosiy tajribalaridan qarasak, ko‘pgina davlatlarda qonun hujjatlarini bilmaslik, huquqiy ong rivojlanmaganlik holatlari uchrab turadi. Prezidentimiz ham ko‘pgina chiqishlarida ko‘proq bu yuk davlat organlarida bo‘lishi kerak deb ta’kidlab keladi. Sababi davlat organlari ochiq va shaffof bo‘lsa ijtimoiy noroziliklar kamayadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham inson huquqlari asosiy o‘rinda ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.

Masalan, “Snos” muammosi fuqarolarimizni ancha ovoragarchiliklarga sababchi qilgan edi. E’tiborli jihati, mana shu narsa Konstitutsiya darajasigacha olib chiqildi. Endilikda uy-joyi sud qarorisiz olib qo‘yilmasligini fuqarolarimiz tushunib yetmoqda.

Huquqiy ongni rivojlantirishda birinchi navbatda davlat organlaridan faollik talab etiladi, va, o‘z navbatida, fuqarolar ham ma’lum masalada huquqiy munosabatga kirishganda ichki hissiyotga berilmasligi kerak deb o‘ylayman. Chunki huquqiy munosabatlarda hissiyotlarga o‘rin yo‘q. Bu jarayonda ularning qonunchilik doirasida munosabatga kirishgani maqsadga muvofiq. Mavjud qonunchiliklardan xabari bor odam, albatta,  o‘z huquqining ta’minlanishiga erishadi.

X.Rahimov Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi