Sudda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

Fuqarolarni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Unda tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolar, jamoatchilik faollari, viloyat yuridik texnikumida ta’lim olayotgan yoshlar hamda ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ishtirokchilar tumanlararo sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Sudning arxivi va devonxonasi faoliyati bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

Keyin esa sudyalar va qatnashchilar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ma’ruzachilar sudda ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari, fuqarolik ishlarni ko‘rishning protsessual tartiblari hamda tumanlararo sudida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida gapirishdi.

Muloqotlarda sudyalar tomonidan sud tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning roli masalalariga ham alohida to‘xtalindi. Jumladan, sudyalar tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va unga muvofiq joriy etilayotgan tergov sudyasi lavozimi kabi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi va sud majlislarida hamda viloyat sudi rahbariyatining qabulida masofadan turib qatnashish imkoniyatlari ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.

Ayniqsa, bu kabi tadbirlar bo‘lajak huquqshunoslar uchun nazariy bilimlarini amaliyot orqali yanada mustahkamlash, soha mutaxassislari bilan yaqinda fikr almashish imkoniyatini yaratgani bilan foydali bo‘ldi deyish mumkin.