Yangibozorda fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi

Xorazm viloyatida fuqarolar bilan “mahallabay” muloqot qilib, ularning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Yangibozor tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda viloyat sudi raisi Sh.Kamolov va viloyat ma’muriy sudi raisi J.Sultanovalar aholining sudga doir murojaatlarini eshitib, tegishli huquqiy tushuntirishlar berishdi.

Fuqarolarning murojaati asosan, apellyatsiya shikoyatini berish va mulkiy nizolar kabi masalalarda bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ularga sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda birinchi instansiya sudi qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi tushuntirildi.

Jarayonlarda hech bir fuqaroning masalasi e’tibordan chetda qolmadi. Qabullardan maqsad ham tumanlarda istiqomat qiluvchi aholini ovora qilmasdan, yashash hududlariga borib muloqotlar o‘tkazish va murojaatlarini hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalish berishdir.