Xorazm viloyat sudida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi
Xorazm viloyat sudida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilib, el ardog‘idagi nuroniylarni sudyalar va yosh xodimlar davrasiga tez-tez taklif etilishi yaxshi an’anaga aylandi. Sababi, bunday uchrashuvlar yosh xodimlarni tafakkur qilishga, sudyalarni ustozlardan kasbida asqotadigan o‘gitlarni olishga undaydi. Viloyat sudi va videokonferensaloqa tizimi orqali tuman(shahar) sudlari sudya hamda xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan bu galgi “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiriga viloyatda yuksak ma’naviyati va mehnati bilan hurmat qozongan, obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan nuroniylar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni va boshqa bir qancha davlat mukofotlari sohibi Kenja Ortiqov hamda “Shuhrat” medali sohibi, sud faxriysi Sultonboy Rahmanovlar taklif etildi.
Uchrashuvda nuroniylar hayot yo‘li, soha rivoji uchun amalga oshirgan ishlari, bu yo‘lda uchragan mashaqqatlar va qiyinchiliklari xususida yosh avlod vakillariga hikoya qilib berishdi. Ayniqsa, ham mashaqqatli, ham sharafli bo‘lgan sudyalik kasbida halol ishlash hamda insonlarni rozi qilishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. Shuningdek, tadbirda uzoq yillardan beri shu sohada ishlab kelayotgan sudyalar hamda yosh sudya va xodimlarning fikr-mulohazalari eshitildi. Sud tizimidagi bugungi islohotlar, sudyalar uchun yaratilgan sharoitlar va viloyat sudlarining odil sudlovni ta’minlashdagi faoliyati faxriylar tomonidan ijobiy baholandi. Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. Uch avlod vakillari ishtirokidagi bu galgi uchrashuv va unda aytilgan nasihatlar ham viloyat sudlarida faoliyat olib boruvchi sudya va xodimlar uchun kasbida, turmush tarzida ibrat bo‘lishi aniq.