Majburiy ijro byurosi xodimlari bilan seminar o‘tkazildi

Xorazm viloyat ma’muriy sudida majburiy ijro byurosining viloyat, tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda asosiy masala sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash bo‘ldi. Seminarda viloyat ma’muriy sudi raisi J.Sultanova “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, sud qarorlarini vaqtida ijro etmaganlik uchun javobgarlik borligini tushuntirdi.

Muloqotlarda ijroga yuborilgan sud hujjatlarining MIB tuman bo‘limlari tomonidan qaytarilish sabablari va elektron baza bo‘yicha ayrim tushunmovchiliklarga oydinlik kiritildi. Urganch tumanlararo ma’muriy sudi raisi G‘.Kushiev o‘z ma’ruzasida birinchi instansiya sudida 2023 yilning 6 oyida Majburiy ijro byurosi qaror va harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ko‘rilgan ommaviy nizolar jami 39 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilning 6 oyida bu ko‘rsatgich 43 tani tashkil qilganligi hamda sudlarda bu toifadagi arizalar soni ko‘payganligini aytib o‘tdi. Yakunda ijro samaradorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash maqsadida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda sud qarorlari ijrosining vaqtida ta’minlanishiga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni qonun doirasida bartaraf etishga kelishib olindi.