Mustaqillik bayrami arafasida sudya va sud xodimlari taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Davlatimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi. Videokonferensaloqa tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisi B.Islamov barchani eng ulug‘, eng aziz bayram bilan muborakbod etib, sud tizimida “Benuqson xizmati uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilganini e’tirof etdi. Shundan so‘ng Respublika bo‘yicha bir guruh sud faxriylari, sudya va xodimlar mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Quvonarlisi, bunday yuksak mukofotga Xorazmdan sud faxriysi Qadam Karimov, viloyat ma’muriy sudi raisi Jamila Sultanovalar loyiq deb topildilar. Mukofotlanganlarga ko‘krak nishonlari viloyat sudi raisi tomonidan topshirildi. Shuningdek, tadbirda viloyat ma’muriy sudining devonxona mudiri Bobur Solaev Oliy sud raisining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi raisi Murod Hasanovning va fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining raisi Dilshod Hasanovning ota-onalariga Sudyalar oliy kengashining tashakkurnomasi e’lon qilindi. Tadbirning ikkinchi qismida viloyat sudi raisi Sh.Kamolov so‘zga chiqib, barcha sudya va xodimlarni mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng, viloyat sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan bir guruh sudyalar va sud tizimi xodimlarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyrug‘i o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra odil sudlov faoliyatini amalga oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi samarali faoliyati uchun sudya va xodimlar viloyat sudi raisining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.