Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligida Xorazm viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Tadbir davomida 46 nafar fuqaroning murojaatlari qabul qilinib, ularning 16 tasi jinoyat, 18 tasi fuqarolik, 6 tasi iqtisodiy hamda 6 tasi ma’muriy sudlovga oid murojaatlarni tashkil etdi. Shundan 28 ta og‘zaki murojaat va 18 ta yozma ariza qabul qilindi. 28 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi hamda 18 ta shikoyat va ariza qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Shu kuni taqdimnoma va iltimosnomalar asosida jazo o‘tayotgan 6 nafar shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudi tomonidan 1 nafar fuqaroning murojaati asosida Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan bog‘liq ishi ko‘rilib, aliment pullari to‘liq undirib berildi va taraflar yarashtirildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan yuridik faktni tasdiqlash haqidagi 4 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilindi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan besh nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan ikki oila yarashtirildi. Sayyor qabulda murojaatlari yechim topgan 7 nafar fuqaro Xorazm viloyat sudlari faoliyati yuzasidan Oliy sud raisi nomiga yozma tashakkurnoma bildirdi.