TILGA E’TIBOR – ELGA E’TIBOR

Til bu-millatlarni bir-biridan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biridir. Har bir inson o‘z ona tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi. 1989 yilning 21 oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga — Davlat tili maqomi berildi. Shuningdek, 2020 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonunga asosan, 21 oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilangan. Ushbu sana munosabati bilan viloyat ma’muriy sudida sudya va xodimlar hamda Urganch davlat universitetining dotsenti Sarvarbek Ro‘zimboev ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda o‘zbek tilining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi, davlat tili maqomi berilishidagi murakkabliklar va bugungi kunda til siyosatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida fikr bildirildi. Ma’lumki, har qanday xalqning tarixi, o‘ziga xos tabiati, qadriyatlari, avvalo, o‘sha xalqning ona tilida aks etadi. Bejiz tilni millatning ma’naviy immuniteti deb baholamaganlar. Boisi, o‘z tilini asrab-avaylagan, uni zamonlar osha rivojlantira olgan millatgina o‘zligini, milliy qiyofasini saqlab qoladi.