Sudda tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi
Fuqarolarni sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida viloyat ma’muriy sudi va urganch tumanlararo ma’muriy sudlarida tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirokchilar sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Sudning arxivi va devonxonasi faoliyati bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.
Keyin esa sudyalar va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ma’ruzachilar ma’muriy sudda ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari, ishlarni ko‘rishning protsessual tartiblari hamda jori yilning o‘tgan 6 oyida viloyat ma’muriy sudida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida gapirishdi.
Muloqotlarda sudyalar tomonidan sud tizimidagi islohotlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va unga muvofiq joriy etilayotgan yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.