Shovot tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tadbirkorlarni yaqindan tanishtirish maqsadida Shovot tumanida viloyat ma’muriy sudi tomonidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda viloyat ma’muriy sudining raisi J.Sultanova, Urganch tumanlararo ma’muriy sudi raisi G‘.Kushiev, tuman hokimi va prokurori hamda boshqa tuman miqyosidagi tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etib, tadbirkorlarning murojaatlarini eshitishdi.
Ochiq muloqotda sudyalar bugun dolzarb hisoblangan masalalarga ham to‘xtalib, qonunchiligimizda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish yoki mulkdorlar huquqini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning qat’iy javobgarligi belgilab qo‘yilganligi haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga ma’muriy sudlarda ko‘riladigan ishlar toifasi, da’vo ariza berish muddati va tadbirkorlar qaysi huquqlari buzilsa ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkinligi aniq misollar bilan tushuntirildi. Shu yerning o‘zida tadbirkolarning sudga doir va boshqa masalalari ham o‘rganilib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda huquqiy tushuntirishlar berildi.