Viloyat sudlarining 6 oylik faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Xorazm viloyat sudida 2024 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari, odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarni himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda viloyat sudining raisi o‘rinbosarlari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi U.Bakdurdiev va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Matkarimov, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi M.Qurbonov hamda viloyat ma’muriy sudi sudyasi T.Yusupovlar ma’ruza qilib, sudlar tomonidan o‘tgan davrda ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili xususida ma’lumot berishdi.
Ma’lumot o‘rnida, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman(shahar) sudlari tomonidan 2024 yil 6 oyi davomida 1 ming 161 nafar shaxsga nisbatan 948 ta jinoyat ishi ko‘rilib, 975 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan. Birinchi instansiya sudlarida 2 kishi oqlangan. 5 nafar shaxs apellyatsiya, 1 nafar shaxs esa kassatsiya instansiyasida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan reabilitatsiya qilinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari tugatilgan. Mazkur davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 10 ming 796 ta fuqarolik ishlari hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 12 ming 626 ta iqtisodiy ishlar ko‘rilgan. Joriy yilning 6 oyi davomida sudlarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4 ming 603 ta murojaat kelib tushgan va ularga tegishli tartibda javoblar berilgan. 2024 yilning birinchi yarmida Urganch tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan jami 463 ta ish ko‘rilgan, shundan 171 ta qanoatlantirilgan. Viloyat ma’muriy sudi va Urganch tumanlararo ma’muriy sudida hokimliklarning 60 ta qarori haqiqiy emas deb va mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan. Anjuman yakunida jurnalist va blogerlarning sohaga doir savollariga javob berildi.