Tumanlarda aholining sudga doir murojaatlari o’rganilmoqda










Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar tashkil etilayotgani fuqarolarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalarning ijobiy yechim topishiga sabab bo‘lmoqda.
Xorazm viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi rahbariyati tomonidan fuqarolarning sudga doir murojaatlarini “mahallabay” o‘rganish maqsadida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarning navbatdagisi Xonqa tumanidagi «Ezgulik» mahallasi hamda Xiva tumanida o‘tkazildi.
Sud-huquq tizimiga doir murojaatlari mavjud bo‘lgan fuqarolar viloyat sudlari raislari va sudyalar tomonidan qabul qilinib, ularga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Xonqa tumanidagi qabul jarayonida murojaatlarning asosiy qismi oilaviy nizolarni sud tartibida hal etish masalasida bo‘ldi. Xususan, nikohdan ajrashmoqchi bo‘lgan yosh oilalarga tuman hokmilgi mas’ul xodimi bilan birgalikda oilani saqlab qolish va yoshlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan amaliy yordam berildi.
Xiva tumanidagi qabullarda esa 3 ta ariza ijobiy hal etilib, mahkumlar jazoning o‘talmagan qismidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Shuningdek, sudda ko‘rilish lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha fuqarolarga sudga da’vo ariza kiritish tartibi tushuntirildi.
Jarayonlarda hech kimning masalasi e’tibordan chetda qolmadi. Qabullardan maqsad ham tumanlarda istiqomat qiluvchi aholini ovora qilmasdan, yashash hududlariga borib muloqotlar o‘tkazish va murojaatlarini hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalish berishdir.















