Xorazm viloyat ma’muriy sudi hamda Urganch tumanlararo ma’muriy sudida ham “Mahalla obod – yurt obod” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Unda sudya va sud xodimlari birgalikda ozodalik va hududni tozalash tadbirlarida ishtirok etib, yurtimiz obodligiga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Sud binosini va tevarak-atrofni tozalash, daraxtlarga shakl berish va obodonlashtirish kabi vazifalar bajarildi. Hashar-xalqimizning eng xayrli va ezgu amallaridan biri sanaladi. Sud jamoasining har bir a’zosi ushbu hasharda faol ishtirok etib, sitqidildan mehnat qilishdi.
Xorazm viloyat sudi, viloyat IIB hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tergovchilar bilan “Dastlabki tergov organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olish” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda viloyat sudi raisining jinoyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Bakdurdiev va viloyat sudi sudyalari M.Mahmudov, M.Samandarov hamda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari E.Soliev, viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Sh.Shomurodovlar ma’ruza qilib, joriy yilning o‘tgan 6 oyida dastlabki tergov organlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar tahliliga to‘xtalishdi.
Muloqotlarda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangi qonunlarni qo‘llashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini olish va tergov jarayonida fuqarolarning huquqlarini to‘liq ta’minlash masalalari muhokama qilinib, qatnashchilarning mavzu yuzasidan takliflari eshitildi. Shuningdek, sudyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati haqida ham tushuntirish berildi.
Xorazm viloyat ma’muriy sudida majburiy ijro byurosining viloyat, tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda asosiy masala sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash bo‘ldi. Seminarda viloyat ma’muriy sudi raisi J.Sultanova “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, sud qarorlarini vaqtida ijro etmaganlik uchun javobgarlik borligini tushuntirdi.
Muloqotlarda ijroga yuborilgan sud hujjatlarining MIB tuman bo‘limlari tomonidan qaytarilish sabablari va elektron baza bo‘yicha ayrim tushunmovchiliklarga oydinlik kiritildi. Urganch tumanlararo ma’muriy sudi raisi G‘.Kushiev o‘z ma’ruzasida birinchi instansiya sudida 2023 yilning 6 oyida Majburiy ijro byurosi qaror va harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ko‘rilgan ommaviy nizolar jami 39 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilning 6 oyida bu ko‘rsatgich 43 tani tashkil qilganligi hamda sudlarda bu toifadagi arizalar soni ko‘payganligini aytib o‘tdi. Yakunda ijro samaradorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash maqsadida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda sud qarorlari ijrosining vaqtida ta’minlanishiga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni qonun doirasida bartaraf etishga kelishib olindi.
Xorazm viloyat sudida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilib, el ardog‘idagi nuroniylarni sudyalar va yosh xodimlar davrasiga tez-tez taklif etilishi yaxshi an’anaga aylandi. Sababi, bunday uchrashuvlar yosh xodimlarni tafakkur qilishga, sudyalarni ustozlardan kasbida asqotadigan o‘gitlarni olishga undaydi. Viloyat sudi va videokonferensaloqa tizimi orqali tuman(shahar) sudlari sudya hamda xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan bu galgi “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiriga viloyatda yuksak ma’naviyati va mehnati bilan hurmat qozongan, obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan nuroniylar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni va boshqa bir qancha davlat mukofotlari sohibi Kenja Ortiqov hamda “Shuhrat” medali sohibi, sud faxriysi Sultonboy Rahmanovlar taklif etildi.
Uchrashuvda nuroniylar hayot yo‘li, soha rivoji uchun amalga oshirgan ishlari, bu yo‘lda uchragan mashaqqatlar va qiyinchiliklari xususida yosh avlod vakillariga hikoya qilib berishdi. Ayniqsa, ham mashaqqatli, ham sharafli bo‘lgan sudyalik kasbida halol ishlash hamda insonlarni rozi qilishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. Shuningdek, tadbirda uzoq yillardan beri shu sohada ishlab kelayotgan sudyalar hamda yosh sudya va xodimlarning fikr-mulohazalari eshitildi. Sud tizimidagi bugungi islohotlar, sudyalar uchun yaratilgan sharoitlar va viloyat sudlarining odil sudlovni ta’minlashdagi faoliyati faxriylar tomonidan ijobiy baholandi. Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. Uch avlod vakillari ishtirokidagi bu galgi uchrashuv va unda aytilgan nasihatlar ham viloyat sudlarida faoliyat olib boruvchi sudya va xodimlar uchun kasbida, turmush tarzida ibrat bo‘lishi aniq.
Viloyatimizda aholining murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Tuproqqal’a tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Unda sud, prokuratura, IIB, Adliya, soliq organlarining viloyat va tuman miqyosidagi rahbarlari hamda tuman hokimligi vakillari ishtirok etishdi. Qabul jarayonlarida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi I.Ismoilov va fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudi sudyasi S.Karimovlar aholining sudga doir murojaatlarini eshitib, tegishli huquqiy tushuntirishlar berishdi. Murojaatlar asosan, apellyatsiya shikoyatini berish va mulkiy nizolar kabi masalalarda bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ularga sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda birinchi instansiya sudi qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi tushuntirildi. Murojaatlarning asosiy qismi joyida ijobiy hal etildi va qolganlari qonun doirasida o‘rganib chiqish uchun nazoratga olindi.
Xorazm viloyat sudida 2024 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari, odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarni himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda viloyat sudining raisi o‘rinbosarlari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi U.Bakdurdiev va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Matkarimov, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi M.Qurbonov hamda viloyat ma’muriy sudi sudyasi T.Yusupovlar ma’ruza qilib, sudlar tomonidan o‘tgan davrda ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili xususida ma’lumot berishdi.
Ma’lumot o‘rnida, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman(shahar) sudlari tomonidan 2024 yil 6 oyi davomida 1 ming 161 nafar shaxsga nisbatan 948 ta jinoyat ishi ko‘rilib, 975 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan. Birinchi instansiya sudlarida 2 kishi oqlangan. 5 nafar shaxs apellyatsiya, 1 nafar shaxs esa kassatsiya instansiyasida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan reabilitatsiya qilinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari tugatilgan. Mazkur davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 10 ming 796 ta fuqarolik ishlari hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 12 ming 626 ta iqtisodiy ishlar ko‘rilgan. Joriy yilning 6 oyi davomida sudlarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4 ming 603 ta murojaat kelib tushgan va ularga tegishli tartibda javoblar berilgan. 2024 yilning birinchi yarmida Urganch tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan jami 463 ta ish ko‘rilgan, shundan 171 ta qanoatlantirilgan. Viloyat ma’muriy sudi va Urganch tumanlararo ma’muriy sudida hokimliklarning 60 ta qarori haqiqiy emas deb va mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan. Anjuman yakunida jurnalist va blogerlarning sohaga doir savollariga javob berildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tadbirkorlarni yaqindan tanishtirish maqsadida Shovot tumanida viloyat ma’muriy sudi tomonidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda viloyat ma’muriy sudining raisi J.Sultanova, Urganch tumanlararo ma’muriy sudi raisi G‘.Kushiev, tuman hokimi va prokurori hamda boshqa tuman miqyosidagi tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etib, tadbirkorlarning murojaatlarini eshitishdi.
Ochiq muloqotda sudyalar bugun dolzarb hisoblangan masalalarga ham to‘xtalib, qonunchiligimizda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish yoki mulkdorlar huquqini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning qat’iy javobgarligi belgilab qo‘yilganligi haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga ma’muriy sudlarda ko‘riladigan ishlar toifasi, da’vo ariza berish muddati va tadbirkorlar qaysi huquqlari buzilsa ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkinligi aniq misollar bilan tushuntirildi. Shu yerning o‘zida tadbirkolarning sudga doir va boshqa masalalari ham o‘rganilib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda huquqiy tushuntirishlar berildi.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган 2024 | Xorazm viloyat ma’muriy sudi