Sudyalar chekka mahallalarda ham aholi bilan muloqot o‘tkazishmoqda
“Mening mahallam – mening sudyam” tamoyili asosida viloyat ma’muriy sudining sudyasi D.Yusupov va Urganch tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi I. Shomurotovlar Yangiariq tumanining “Yangier” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi. Mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirokida o‘tgan muloqotlarda asosiy mavzu jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartibi hamda “Manfaatlar to‘qnashuv to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish bo‘ldi. Sud-huquq tizimidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklari ham ma’ruzachilar e’tiboridan chetda qolmadi. Muloqotlarda fuqaro va kadastr organlari o‘rtasidagi nizolarning sudda ko‘rish tahlili va bu toifadagi nizolarning oldini olish masalalari haqida ham so‘z yuritilib, ishtirokchilarning mazkur yo‘nalishdagi fikr-mulohazalari eshitildi. Uchrashuv davomida ishtirokchilarning sohaga doir savollariga javob berildi.